Daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi ariza sudga daʼvo arizasi bilan bir vaqtda yoki ishni yuritish jarayonida berilishi mumkin. Daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizada quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) ariza berilayotgan sudning nomi; 2) taraflarning nomlari (familiyasi, ismi, otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) va yashash joyi; 3) nizo predmeti; 4) daʼvoni taʼminlash chorasini koʻrish zaruriyatining asosi; 5) daʼvogar qabul qilishni soʻrayotgan daʼvoni taʼminlash chorasining turi; 6) ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati. Daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizada boshqa maʼlumotlar ham koʻrsatilishi mumkin. Daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi ariza daʼvogar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan imzolangan arizaga ishonchnoma yoki uning arizani imzolashga boʻlgan vakolatini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinadi. Daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma daʼvo arizasida bayon etilishi mumkin. Agar daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma daʼvo arizasida bayon etilsa, mazkur iltimosnomada ushbu modda ikkinchi qismining 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi lozim. Hakamlik sudida koʻrilayotgan daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizaga hakamlik sudiga daʼvo taqdim etilganligining dalillari ilova qilinadi.