Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan ushbu Kodeks 97¹-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan mezonlar asosida ragʻbatlantirish choralari qoʻllaniladi. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan quyidagi ragʻbatlantirish choralari qoʻllaniladi: tashakkur eʼlon qilish; ilgari qoʻllanilgan intizomiy jazoni muddatidan oldin olib tashlash; yorliq, qimmatli sovgʻa yoki pul mukofoti bilan taqdirlash; qoʻshimcha posilka, yoʻqlov yoki banderol olishga ruxsat etish; qoʻshimcha uchrashuv yoki masofali video-uchrashuv yoxud telefon orqali soʻzlashuv huquqini berish; oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalar sotib olish uchun pul summasini koʻpaytirish; yengillashtirilgan saqlash sharoitiga oʻtkazish, manzil-koloniyalarda saqlanayotgan shaxslar bundan mustasno. Yengillashtirilgan saqlash sharoitiga oʻtkazish tariqasidagi ragʻbatlantirish mahkumlarga ushbu Kodeks 75-moddasining uchinchi qismiga muvofiq qoʻshimcha pul sarflash huquqini, shuningdek: umumiy, qattiq tartibli koloniyalarda va tarbiya koloniyalarida ― yil mobaynida qoʻshimcha ravishda bir marta uchrashuv, bir marta masofali video-uchrashuv yoki telefon orqali soʻzlashuv, bitta posilka yoki yoʻqlov olish; maxsus tartibli koloniyalarda ― kameralardan umumiy turar joylarga oʻtkazish hamda yil mobaynida qoʻshimcha ravishda bir marta qisqa muddatli uchrashuv, bir marta masofali video-uchrashuv yoki telefon orqali soʻzlashuv, bitta banderol olish; turmalarda ― yil mobaynida qoʻshimcha ravishda bir marta qisqa muddatli uchrashuv, bitta posilka yoki yoʻqlov olish huquqini beradi.