Jinoyat-ijroiya kodeksi 151-modda. Mahkumlarning uchrashuvlari

Intizomiy qismda mahkumlar qisqa va uzoq muddatli uchrashuvlar olish huquqiga ega. Mahkumlarning qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan qisqa muddatli uchrashuvi oyda bir marta toʻrt soatgacha boʻlgan muddatda beriladi. Bunday uchrashuvlar ishdan va mashgʻulotlardan boʻsh vaqtda, maxsus jihozlangan xonada, intizomiy qism vakili kuzatuvi ostida oʻtkaziladi. Mahkumlarning yaqin qarindoshlari bilan uzoq muddatli uchrashuvlari yiliga uch marta uch sutkagacha boʻlgan muddatda beriladi. Bunday uchrashuvlar intizomiy qismning maxsus jihozlangan binosida yoki qism komandirining ruxsati bilan intizomiy qism hududidan tashqarida oʻtkaziladi. Uzoq muddatli uchrashuv vaqtida mahkumlar ishdan va mashgʻulotlardan ozod qilinadi. Mahkumning iltimosiga koʻra uchrashuv telefon orqali soʻzlashuv bilan almashtirilishi mumkin. Uchrashuvlar va telefon orqali soʻzlashuvlar berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.