Jinoyat-ijroiya kodeksi 30-modda. Jazo muddatini hisoblash

Axloq tuzatish ishlari muddati mahkum ishlagan va uning ish haqidan ushlab qolingan davr mobaynidagi yillar, oylar va kunlar bilan hisoblanadi. Mahkum ishlab bergan kunlar miqdori sud tomonidan belgilangan jazo muddatining har oyiga toʻgʻri keladigan ish kunlari miqdoridan kam boʻlmasligi kerak. Agar mahkum ana shu miqdordagi ish kunlarini ishlab bermagan boʻlsa va ishlanmagan kunlarni jazo muddatiga qoʻshib hisoblash uchun ushbu Kodeksda belgilab qoʻyilgan asoslar boʻlmasa, axloq tuzatish ishlarini oʻtash mahkum belgilangan ish kunlari miqdorini toʻliq ishlab berguniga qadar davom etadi. Ish vaqti jamlab hisobga olinadigan korxona, muassasa va tashkilotlarda ishlayotgan mahkumlarning jazoni oʻtash muddati ish soatlarining normal miqdoriga amal qilingan holda, hisobga olinadigan davrdagi ish vaqti muddatidan kelib chiqib hisoblanadi. Jazoni oʻtash muddati korxona, muassasa, tashkilot maʼmuriyati probatsiya boʻlinmasidan xabarnoma olgan kundan, boshqa joylarda oʻtaladigan axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslar uchun esa — ular jazoni oʻtash uchun yuborilgan korxona, muassasa, tashkilotda ish boshlagan kundan boshlanadi. Mahkum ishlamagan, ammo qonunga muvofiq uning ish haqi saqlanib turgan vaqt, shuningdek mahkum ishsiz deb topilgan vaqt axloq tuzatish ishlarini oʻtash muddatiga qoʻshib hisoblanadi. Jazoni oʻtash muddatiga quyidagilar qoʻshib hisoblanmaydi: qonunchilikka muvofiq vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi toʻlanmaydigan kasallik vaqti; qamoq tariqasidagi maʼmuriy jazoni oʻtash vaqti, boshqa jinoyat sodir etganligi munosabati bilan qamoqda saqlangan vaqt.