Ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni oʻtash tartibi va shartlari mahkum tomonidan buzilganligi uchun probatsiya boʻlinmasi unga nisbatan ogohlantirish tarzidagi intizomiy jazo chorasini qoʻllaydi. Mahkum ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni oʻtashdan qasddan boʻyin tovlagan, shuningdek sud tomonidan oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, probatsiya boʻlinmasi sudga mahkum uchun ozodlikni cheklashning oʻtalmagan muddatini jazoning boshqa turiga almashtirish haqida taqdimnoma kiritadi. Quyidagilar ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni oʻtashdan qasddan boʻyin tovlovchilar deb eʼtirof etiladi: a) oʻziga nisbatan sud tomonidan belgilangan taqiqlarni (cheklashlarni) buzishga yoʻl qoʻyib boʻlmasligi toʻgʻrisida ogohlantirish tarzida intizomiy jazo qoʻllanilganidan keyin bir yil ichida jazoni oʻtash tartibi va shartlarini buzishga yoʻl qoʻygan mahkum; b) oʻziga nisbatan texnik nazorat vositalaridan foydalanish qoidalarini buzgan mahkum; v) yashash joyidan yashiringan, qayerda ekanligi uch sutkadan ortiq vaqt ichida aniqlanmagan mahkum; g) yashash joyidagi probatsiya boʻlinmasiga belgilangan muddatdan uch sutkadan ortiq vaqt mobaynida kelmagan mahkum.