Jinoyat-ijroiya kodeksi 45-modda. Jazoni ijro etish muassasalarining turlari

Ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo ijrosini jazoni ijro etish muassasalari amalga oshiradi. Jazoni ijro etish muassasalari jumlasiga quyidagilar kiradi: jazoni ijro etish koloniyalari, shu jumladan davolash huquqi asosidagi koloniyalar; tarbiya koloniyalari; turmalar; mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonalar. Tergov hibsxonalari ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan va xoʻjalik xizmatiga oid ishlarni bajarish uchun qoldirilgan shaxslarga nisbatan jazoni ijro etish muassasalari vazifasini bajaradi. Jazoni ijro etish koloniyalari manzil-koloniyalarga, umumiy, qattiq, maxsus tartibli koloniyalarga boʻlinadi hamda voyaga yetgan mahkumlarni saqlash uchun moʻljallangan. Tarbiya koloniyalari voyaga yetmagan mahkumlarni saqlash uchun moʻljallangan. Turmalar voyaga yetgan mahkumlarni saqlash uchun moʻljallangan.