Jinoyat-ijroiya kodeksi 60-modda. Mahkumlarni koʻchirish

Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarni jazoni ijro etuvchi bir muassasadan boshqasiga koʻchirish ushbu Kodeksning 58-moddasi talablariga rioya etgan holda amalga oshiriladi. Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar tergov qilinayotgan shaxslardan alohida koʻchiriladi. Homilasi yigirma toʻrt haftalikdan oshgan yoki uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar boshqa mahkumlardan alohida koʻchiriladi. Mahkum bemorlar, homilador ayollar va bolasi bor ayollar, zarurat boʻlganda, tibbiy xodimlar kuzatuvida koʻchiriladi. Mahkumlarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida ularni boshqa hollarda ham ajratilgan tarzda koʻchirishga yoʻl qoʻyiladi. Koʻchirish chogʻida mahkumlar zarur moddiy-maishiy va sanitariya-gigiyena sharoitlari bilan taʼminlanadi, ularga mavsumiy kiyim va poyabzal, belgilangan norma boʻyicha oziq-ovqat mahsulotlari beriladi. Mahkumlarni koʻchirish davlat hisobidan, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan tartibda soqchi kuzatuvida amalga oshiriladi. Jazoni oʻtash joyiga borayotgan yoki bir jazoni ijro etish muassasasidan boshqa jazoni ijro etish muassasasiga koʻchirilayotgan mahkumlarni vaqtincha saqlash uchun jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari huzurida tranzit-joʻnatish uchastkalari tashkil etilishi mumkin. Mahkumlar tranzit-joʻnatish uchastkalarida rejimining turi sud hukmi bilan belgilangan jazoni ijro etish muassasasida oʻzining jazoni oʻtashiga oid shartlar asosida, ushbu Kodeksning 58-moddasi talablariga rioya etgan holda saqlanadi. Mahkumlarni tranzit-joʻnatish uchastkalarida saqlashning eng koʻp muddati koʻpi bilan 20 sutkani tashkil etadi.