Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar, ularning buyumlari va kiyimlari, shuningdek jazoni ijro etish muassasalarining obyektlari va xonalari tintuv qilinishi hamda koʻzdan kechirilishi mumkin. Shaxsiy tintuv mahkum bilan bir jinsda boʻlgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Tayyorlanayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyatlar, taqiqlangan narsalar va buyumlar saqlanayotganligi haqida axborot kelib tushgan hollarda, jazoni ijro etish muassasalarining turar joylarini ularda mahkumlar boʻlganda tintuv qilishga yoʻl qoʻyiladi. Tintuv oʻtkazish chogʻida mahkumlarga nisbatan jismoniy kuch va maxsus vositalar qoʻllanilishi taqiqlanadi, bundan mahkumlarning tintuvni amalga oshirayotgan xodimga, boshqa mahkumlarga yoki oʻzga shaxslarga nisbatan gʻayrihuquqiy xatti-harakatlarining, shuningdek mahkumlar tomonidan oʻziga oʻzi zarar yetkazishining oldini olish hollari mustasno. Jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyati ushbu muassasaga hamda mahkumlar ishlayotgan obyektlarga kirayotgan va chiqayotgan shaxslarning transport vositalarini, buyumlari va kiyimini koʻzdan kechirishga haqli, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Tintuv qilish va koʻzdan kechirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.