Jinoyat-ijroiya kodeksi 77-modda. Mahkumlarning masofali video-uchrashuvlari yoki telefon orqali soʻzlashuvlari

Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlarga ularning ixtiyoriga koʻra masofali video-uchrashuvlar yoki telefon orqali soʻzlashuvlar huquqi beriladi. Umumiy, qattiq, maxsus tartibli koloniyalarda, tarbiya koloniyalarida, turmalarda va mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonalarda jazoni oʻtayotgan mahkumlarning masofali video-uchrashuvlari yoki telefon orqali soʻzlashuvlari muassasa maʼmuriyati nazorati ostida oʻtkaziladi hamda ularning haqi mahkumning shaxsiy hisobvaragʻidan toʻlanadi. Masofali video-uchrashuvlar yoki telefon orqali soʻzlashuvlar miqdori jazoni ijro etish muassasasining tartib turiga hamda mahkum saqlanayotgan sharoitga qarab belgilanadi. Mahkumning iltimosiga koʻra, mahkum jazoni ijro etish muassasasiga yetib kelganidan keyin, shuningdek alohida hollarda unga qoʻshimcha ravishda masofali video-uchrashuvga yoki telefon orqali soʻzlashuvga ruxsat etilishi mumkin. Intizomiy boʻlinmalarda saqlanayotgan mahkumlarga faqat alohida hollarda masofali video-uchrashuvga yoki telefon orqali soʻzlashuvga ruxsat etilishi mumkin. Ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlarning masofali video-uchrashuvlari yoki telefon orqali oʻzaro soʻzlashuvlari taqiqlanadi. Mahkumlarga masofali video-uchrashuvlarga yoki telefon orqali soʻzlashuvlarga ruxsat etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.