Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar jazoni ijro etish muassasasiga yetib kelgan kundan boshlab posilka, yoʻqlov va banderol olishlari hamda joʻnatishlari mumkin. Posilka, yoʻqlov va banderollar koʻzdan kechiriladi. Bitta posilka yoki banderolning ogʻirligi pochta qoidalarida belgilab qoʻyilgan normadan, yoʻqlovning ogʻirligi esa posilkaning belgilangan vaznidan oshib ketishi mumkin emas. Olinadigan posilka, yoʻqlov va banderollarning miqdori jazoni ijro etish muassasasining tartib turiga hamda mahkum saqlanayotgan sharoitga qarab belgilanadi. Hukm qilingan homilador ayollarning va jazoni ijro etish muassasasidagi bolalar uyida bolalari boʻlgan ayollarning, shuningdek vrach xulosasiga koʻra davolanish va kuchli taomga muhtoj deb eʼtirof etilgan bemorlarning, birinchi yoki ikkinchi guruh nogironligi boʻlgan shaxslarning tibbiy xulosada belgilanadigan miqdorda va xillarda qoʻshimcha posilkalar, yoʻqlovlar va banderollar olishiga ruxsat etiladi. Mahkumlar cheklanmagan miqdorda pul joʻnatmalari olishlari va yuborishlari mumkin. Pul joʻnatmalari mahkumning shaxsiy hisobvaragʻiga kelib tushadi. Mahkumlar oʻzlariga yaqin qarindosh boʻlmagan shaxslarga, shuningdek korxona, muassasa va tashkilotlarga faqat jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyatining ruxsati bilan pul joʻnatmalari yuborishlari mumkin. Mahkumlarning posilkalar, yoʻqlovlar, banderollar va pul joʻnatmalarini olishi hamda yuborishi tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.