Jinoyat-ijroiya kodeksi 79-2-modda. Ozodlikdan mahrum etilgan mahkumlarning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakiliga (ombudsmanga) va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakiliga (Bolalar ombudsmaniga) murojaatlar qutisi orqali murojaat qilishi

Jazoni ijro etish muassasalarining har bir turar joy sektorida, sanoat zonalarida, qisqa va uzoq muddatli uchrashuvlarni oʻtkazish uchun moʻljallangan binolarda mahkumlar murojaatlarni qoldirishi uchun qulay boʻlgan joyda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakiliga (ombudsmanga) murojaatlar qutisi, tarbiya koloniyalarida esa qoʻshimcha ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakiliga (Bolalar ombudsmaniga) murojaatlar qutisi oʻrnatiladi (bundan buyon matnda Ombudsman qutisi deb yuritiladi). Ombudsman qutisi tegishincha faqat Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) yoki uning Devoni xodimlari tomonidan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) yoki uning kotibiyati xodimlari tomonidan ochiladi. Ombudsman qutisini oʻrnatish, undan foydalanish va u orqali murojaatlar yuborish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.