Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar saqlash sharoitiga qarab umumiy turar joylarda, xonalarda yoki kameralarda yashaydi, ushbu turar joylar, xonalar yoki kameralar belgilangan tartibda tasdiqlangan sanitariya-gigiyena hamda qurilish normalari va qoidalariga mos kelishi kerak. Bir mahkumga toʻgʻri keladigan yashash maydoni normasi quyidagi miqdordan kam boʻlishi mumkin emas: umumiy turar joylarda — ikki kvadrat metr; tergov hibsxonalari va turmalarning umumiy kameralarida — ikki yarim kvadrat metr; ayollar, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar voyaga yetmaganlar saqlanadigan koloniyalardagi umumiy turar joylarda — uch kvadrat metr; bemor mahkumlar saqlanadigan palatalarda — toʻrt kvadrat metr; intizomiy boʻlinmalarning kameralarida hamda soqchisiz yoki kuzatuvchisiz yurish huquqidan foydalanayotgan mahkumlar yashashi uchun, shuningdek jazoni manzil-koloniyalarda oʻtayotgan shaxslar uchun moʻljallangan xona tipidagi turar joylarda — toʻrt yarim kvadrat metr. Mahkumlarga yotish uchun alohida joy, koʻrpa-toʻshak, choyshab va kerakli inventar beriladi. I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moʻljallangan umumiy turar joylar maxsus vositalar va moslamalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.