Jinoyat-ijroiya kodeksi 85-modda. Mahkumlarning ovqati

Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga organizmning energiyaga va ozuqaviy moddalarga boʻlgan fiziologik ehtiyojini taʼminlaydigan ovqat qonunchilikda belgilangan tartibda respublika budjeti hisobidan beriladi, bundan manzil-koloniyalarda jazoni oʻtayotganlar mustasno. Ovqat normasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan mahkumlarning sogʻligʻi holatiga, ularning yoshi, bajarayotgan ishining xususiyati va ogʻirligiga qarab belgilanadi. Mahkumlarga ularni ishga jalb etgan korxona, muassasa va tashkilotlar mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha ovqat berilishi mumkin. Mahkum homilador ayollar, emizikli onalar, voyaga yetmaganlarga, shuningdek I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan ovqat oshirilgan normalarda belgilanadi. Tibbiy xulosa asosida ularga qoʻshimcha oziq-ovqat mahsulotlari olishga ruxsat etilishi mumkin. Manzil-koloniyalarda jazoni oʻtayotgan homilador ayollarga va emizikli onalarga ishdan ozod etilgan davrida respublika budjeti hisobidan ovqat beriladi. Manzil-koloniyalarda jazoni oʻtayotgan, kasalligi tufayli yoki intizomiy boʻlinmaga kiritilib ishdan ozod qilingan mahkumlarga manzil-koloniyalarning korxonalari, muassasalari va tashkilotlari hisobidan ovqat berilib, ovqatning qiymati keyinchalik mahkumlarning oylik ish haqidan ushlab qolinadi.