Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar uchun mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilab qoʻyilgan ish vaqtining eng koʻp normasiga rioya etgan holda, odatda, olti kunlik ish haftasi belgilanadi. Mahkumlar ish vaqti rejimini jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyati ishlab chiqarish xususiyatiga qarab belgilaydi. Mahkumlarni ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish va bayram (ishlanmaydigan) kunlarida ishga jalb etishga ishlab chiqarish zarurati boʻlgan taqdirda mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilab qoʻyilgan ish vaqtidan tashqari ishlarning eng koʻp muddatiga rioya etgan holda yoʻl qoʻyiladi. Ish vaqtini jamlab hisobga olish joriy etilganda, mahkumlar ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish va bayram (ishlanmaydigan) kunlarida yoki tungi ishlarga jalb etilgan taqdirda mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda voyaga yetmagan shaxslar, shuningdek I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga nisbatan belgilangan cheklashlarga rioya etish shart. Mahkuma homilador ayollar, shuningdek jazoni ijro etish muassasalari qoshidagi bolalar uylarida bolasi bor ayollar ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish va bayram (ishlanmaydigan) kunlarida ishga yoki ish vaqti jamlab hisobga olinadigan rejimda ishlashga oʻzlarining roziligi bilan jalb etilishi mumkin. Mazkur shaxslar tungi ishlarga, ularning roziligini olgan holda va tegishli tibbiy xulosa boʻlgan taqdirda, jalb qilinishi mumkin. Mahkumlarning ish vaqtidan tashqari, dam olish va bayram (ishlanmaydigan) kunlaridagi ishlari uchun ikki hissa haq toʻlanadi.