Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan, mehnatga jalb etilgan mahkumlarga har haftada kamida bir dam olish kuni beriladi. Ular bayram (ishlanmaydigan) kunlarida ishdan ozod qilinadi. Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga har yilgi mehnat taʼtili berilmaydi, jazoni manzil-koloniyalarda oʻtayotganlar bundan mustasno. Manzil-koloniyalardagi mahkumlar muddati oʻn besh ish kunidan iborat haq toʻlanadigan har yilgi mehnat taʼtiliga chiqish huquqiga ega. Taʼtil ushbu Kodeksning 82-moddasida belgilangan tartibda manzil-koloniya doirasidan chetga chiqish huquqi bilan beriladi. Mahkum jazoni ijro etish koloniyasining intizomiy boʻlinmasi turar joylarida saqlangan vaqt haq toʻlanadigan har yilgi mehnat taʼtili berish uchun zarur muddatga qoʻshib hisoblanmaydi.