Jinoyat kodeksi 105-modda. Qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish

Sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli boʻlmagan va ushbu Kodeksning 104-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarga olib kelmagan, lekin sogʻliqning uzoq vaqt, yaʼni kamida yigirma bir kun, ammo toʻrt oydan koʻp boʻlmagan davrda yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining oʻn foizidan oʻttiz uch foizigacha yoʻqolishiga sabab boʻlgan qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish ushbu Kodeksning 126¹-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud boʻlmasa — uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish: a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan; b) homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayolga nisbatan; v) oʻz xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan; g) oʻta shafqatsizlik bilan; d) ommaviy tartibsizliklar jarayonida; e) tamagirlik niyatida; j) millatlararo yoki irqiy adovat zamirida; z) diniy taassublar zamirida; i) bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh aʼzosi tomonidan yoxud shu guruh manfaatlarini koʻzlab; k) takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari ushbu Kodeksning 104-moddasida nazarda tutilgan qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish jinoyatini sodir etgan yoxud ushbu Kodeksning 97-moddasida nazarda tutilgan qasddan odam oʻldirish jinoyatini sodir etgan shaxs tomonidan; l) oʻta xavfli retsidivist tomonidan; m) qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan boʻlsa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.