Jinoyat kodeksi 114-modda. Jinoiy ravishda homila tushirish (abort)

Shifokor akusher yoki ginekolog tomonidan davolash muassasalaridan tashqari joylarda yoki tibbiy nuqtai nazardan mumkin boʻlmagan holda sunʼiy ravishda homila tushirish — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solish yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Sunʼiy ravishda homila tushirishga huquqi boʻlmagan shaxsning bunday ishni amalga oshirishi — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar ehtiyotsizlik orqasida: a) jabrlanuvchining oʻlishiga; b) boshqacha ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, — ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.