Farzandlikka bola oluvchilarning yoki vasiylik va homiylik organining erkiga qarshi, yetim yoki ota-ona gʻamxoʻrligidan mahrum boʻlgan bolalarni farzandlikka olishning qonun bilan qoʻriqlanadigan sirini oshkor qilish — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Oʻsha qilmish: a) kasb faoliyati yoki xizmat mavqeyiga koʻra farzandlikka olishni sir saqlashi shart boʻlgan shaxs tomonidan sodir etilgan boʻlsa; b) gʻarazgoʻylik yoki boshqa past niyatlarda sodir etilgan boʻlsa; v) ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.