Asarga, ixtiroga, foydali modelga, sanoat namunasiga, seleksiya yutugʻiga va integral mikrosxema topologiyasiga nisbatan mualliflikni oʻzlashtirib olish, hammualliflikka majburlash, shuningdek ushbu intellektual mulk obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ular rasman eʼlon qilinguniga qadar muallifning roziligisiz oshkor etish, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) takroran; b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; v) xizmat mavqeyidan foydalangan holda; g) juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, — bir yildan uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi. Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u jinoyat aniqlangan kundan eʼtiboran oʻttiz kunlik muddatda muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzish oqibatlarini bartaraf etgan va yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplagan boʻlsa, javobgarlikdan ozod etiladi.