Jinoyat kodeksi 165-modda. Tovlamachilik

Tovlamachilik, yaʼni jabrlanuvchiga yoki uning yaqin kishilariga zoʻrlik ishlatish, mulkiga shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchining axborot resursini yoʻq qilish, oʻzgartirish, egallab olish yoki toʻsib qoʻyish yoki jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim boʻlgan maʼlumotlarni oshkor qilish, uni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish bilan qoʻrqitib oʻzgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yoʻsindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini oʻzining mulkini yoki mulkka boʻlgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qoʻyish — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Tovlamachilik: a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; b) koʻp miqdorda; v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, — besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Tovlamachilik: a) juda koʻp miqdorda; b) oʻta xavfli retsidivist tomonidan; v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.