Jinoyat kodeksi 177-modda. Valyuta qimmatliklarini, qimmatbaho metallar va (yoki) qimmatbaho toshlarni qonunga xilof ravishda olish yoki oʻtkazish

Valyuta qimmatliklarini, qimmatbaho metallar va (yoki) qimmatbaho toshlarni qonunga xilof ravishda olish yoki oʻtkazish shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar ancha miqdorda sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; b) koʻp miqdorda; v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) juda koʻp miqdorda; b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Tayyorgarlik koʻrilayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyat haqida oʻz ixtiyori bilan arz qilgan va uni ochishga faol yordam bergan shaxs javobgarlikka tortilmaydi.