Jinoyat kodeksi 182-modda. Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish

Bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib yoxud bojxona hujjatlari yoki vositalariga oʻxshatib yasalgan hujjatlardan aldash yoʻli bilan foydalangan holda yoki deklaratsiyasiz yoxud boshqa nomga yozilgan deklaratsiyadan foydalanib, tovar yoki boshqa qimmatliklarni koʻp miqdorda Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan oʻtkazish, shunday harakat uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish: a) juda koʻp miqdorda; b) chegarani buzib oʻtish, yaʼni bojxona xizmatining roziligini olmasdan turib, tovar yoki boshqa qimmatliklarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan ochiqdan-ochiq oʻtkazish yoʻli bilan; v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab; g) xizmat lavozimidan foydalangan holda sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.