Monopoliyaga qarshi organga axborot taqdim etmaslik yoki bila turib haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarni taqdim etish, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Monopoliyaga qarshi organning qoidabuzarlikni tugatish toʻgʻrisidagi, dastlabki holatni tiklash haqidagi koʻrsatmalarini bajarishdan boʻyin tovlash yoki oʻz vaqtida bajarmaslik, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.