Jinoyat kodeksi 185-1-modda. Rangli metallar, ularning parcha va rezgi chiqitlarini tayyorlash, olish, ulardan foydalanish hamda ularni oʻtkazish qoidalarini buzish

Qimmatbaho metallar sirasiga kirmaydigan rangli metallar, ularning parcha va rezgi-chiqitlarini tayyorlash, olish, ulardan foydalanish hamda ularni oʻtkazish qoidalarini buzish, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Oʻsha qilmishlar: a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; b) koʻp miqdorda; v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Oʻsha qilmishlar: a) juda koʻp miqdorda; b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.