Mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish, yaʼni nodavlat tijorat tashkiloti yoki boshqa nodavlat tashkiloti mansabdor shaxsining oʻz mansab vakolatlaridan qasddan foydalanishi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakat: a) juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda; b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab; v) gʻarazgoʻylik niyatlarida sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi.