Qonunga xilof ravishda oʻrmon fondi yerlarini berish, ulardan foydalanish, shunday qilmishlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻrmon fondi yerlarida qonunga xilof ravishda bino-inshootlar qurish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan harakatlar: a) takroran; b) koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda; v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, — besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Yetkazilgan moddiy zararning oʻrni uch karra miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.