Jinoyat kodeksi 202-modda. Hayvonot yoki oʻsimlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish

Ov qilish va baliq ovlash yoki hayvonot dunyosining boshqa turlarini tutish qoidalarini buzish, kamyob va yoʻqolib borayotgan hayvon turlarini tutishning yoxud yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarning dorivor, ozuqaviy va manzarali (dekorativ) turlarini yigʻish yoki tayyorlashning belgilangan tartibini yoki shartlarini, xuddi shuningdek muhofaza etiladigan tabiiy hududlardagi hayvonot yoki oʻsimlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish ancha miqdorda zarar yetkazilishiga sabab boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Oʻsha qilmishlar: a) koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda; b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan toʻrt yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum qilib bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha qilmishlar: a) xavfli retsidivist tomonidan; b) shaxsning oʻz xizmat mavqeyidan foydalanib; v) yerda, suvda yoki havoda ishlatiladigan mexanizatsiyalashtirilgan vositalardan foydalanib; g) taqiqlangan qurollardan yoki usullardan foydalangan holda (bundan elektr tokini, portlovchi, kimyoviy moddalarni yoki biologik preparatlarni qoʻllash hollari mustasno); d) uyushgan guruh tomonidan; e) juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda; j) Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan hayvonot yoki oʻsimlik dunyosi turlarini nobud qilgan holda sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. El