Hokimiyatni yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish, yaʼni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi mansabdor shaxsining oʻz mansab vakolatlaridan qasddan foydalanishi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakat: a) juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda; b) uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab; v) gʻarazgoʻylik niyatlarida sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.