Jinoyat kodeksi 211-modda. Pora berish

Pora berish, yaʼni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi mansabdor shaxsiga mazkur mansabdor shaxsning oʻz xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin boʻlgan muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini koʻzlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib bevosita yoki vositachi orqali moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Pora berish: a) takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari ushbu Kodeksning 210 yoki 212-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan; b) koʻp miqdorda sodir etilgan boʻlsa, — besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Pora berish: a) juda koʻp miqdorda; b) uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Basharti, shaxsga nisbatan pora soʻrab tovlamachilik qilingan boʻlsa va ushbu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda oʻttiz sutka mobaynida oʻz ixtiyori bilan arz qilsa, chin koʻngildan pushaymon boʻlib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan boʻlsa, u javobgarlikdan ozod etiladi.