Jinoyat kodeksi 214-modda. Davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor boʻlishi

Davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi xizmatchisining oʻz xizmat mavqeyidan foydalangan holda bajarishi lozim yoki mumkin boʻlgan muayyan harakatni uni pora evaziga oʻziga ogʻdirib olayotgan shaxs manfaatlarini koʻzlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor boʻlishi, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash yoxud bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) ancha miqdorda; b) tamagirlik yoʻli bilan sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari ushbu Kodeksning 210 — 212-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan; b) koʻp miqdorda; v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; g) tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi munosabati bilan shaxsga nisbatan tamagirlik yoʻli bilan sodir etilgan boʻlsa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) juda koʻp miqdorda; b) uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.