Jinoyat kodeksi 218-1-modda. Ish tashlash toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish

Noqonuniy ish tashlashga rahbarlik qilish, shuningdek ish tashlashda qatnashishga yoki unda qatnashmaslikka majbur qilish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar: a) juda koʻp miqdorda zarar yetkazilishiga; b) odam oʻlishiga; v) boshqa ogʻir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Mehnat qonunchiligi bilan ish tashlash taqiqlangan hollarda unda ishtirok etishga majbur qilish va (yoki) unga rahbarlik qilish, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar: a) odam oʻlishiga; b) boshqa ogʻir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab boʻlsa, — besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.