Fuqarolarning muddatli harbiy xizmat yoki muqobil xizmatga chaqiruvdan, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati safiga olinish yoxud xizmatni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervida oʻtashdan uzrli sababsiz boʻyin tovlashi, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) oʻz badaniga shikast yetkazish; b) hujjatlarni qalbakilashtirish yoki boshqacha aldash yoʻli bilan sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga safarbarlik boʻyicha chaqiruvdan boʻyin tovlashi — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.