Avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini yoki identifikatsiya (kuzov, shassi (rama), dvigatel) raqamlarini qonunga xilof ravishda tayyorlash, oʻtkazish yoki ulardan foydalanish, shuningdek ularni qalbakilashtirish — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar mansabdor shaxs tomonidan sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.