Jinoyat kodeksi 227-modda. Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish

Korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning qatʼiy hisobidagi hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, shuningdek avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, xuddi shuningdek ularni nobud qilish, ularga shikast yetkazish, ularni yashirish gʻarazgoʻylik yoki boshqa past niyatlarda sodir etilgan boʻlsa. bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta, harbiy bilet yoki boshqa muhim shaxsiy hujjatlarga nisbatan yoxud oʻta muhim ahamiyatga ega boʻlgan hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarga nisbatan sodir etilgan boʻlsa; b) ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.