Yer uchastkasini noqonuniy olib qoʻyish shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan ikki yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Yer uchastkasining noqonuniy olib qoʻyilishi olib qoʻyilayotgan yer uchastkasidagi binolarni, boshqa imoratlarni, inshootlarni yoki dov-daraxtlarni yoxud ularning qismlarini, mazkur mol-mulkning bozor qiymati, shuningdek uning mulkdoriga bunday olib qoʻyish munosabati bilan yetkazilgan zararning oʻrni oldindan va toʻliq qoplanmagan holda buzib tashlashga sabab boʻlsa, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin yoki ancha miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud muayyan huquqdan mahrum etib uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Xuddi shunday harakatlar koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Xuddi shunday harakatlar koʻpchilik uchun xavfli boʻlgan usulda yoki juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, — muayyan huquqdan mahrum etib besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.