Jinoyat kodeksi 236-modda. Tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish

Tergov qilishga aralashish, yaʼni muayyan ishning har tomonlama, toʻla va xolisona oʻrganilishiga toʻsqinlik qilish maqsadida surishtiruvchiga, tergovchiga yoki prokurorga turli shaklda qonunga xilof ravishda taʼsir oʻtkazish, — uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Sud ishlarini hal etishga aralashish, yaʼni muayyan ishning har tomonlama, toʻla va xolisona koʻrib chiqilishiga toʻsqinlik qilish yoxud adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarilishiga erishish maqsadida sudyaga yoki xalq maslahatchisiga turli shaklda qonunga xilof ravishda taʼsir oʻtkazish, — uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan harakatlar mansabdor shaxs tomonidan sodir etilgan boʻlsa, — muayyan huquqdan mahrum etib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.