Jinoyat kodeksi 276-13-modda. Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish

Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan oʻtish va davolanish, karantinni oʻtash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqish xavfi mavjud boʻlgan davrda muloqotda boʻlingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi maʼlumotlarni oshkor qilish toʻgʻrisidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi real xavfini keltirib chiqarsa yoxud odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solish yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha qilmish odamning oʻlimiga sabab boʻlsa, — ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha qilmish odamlarning oʻlimiga sabab boʻlsa, — yetti yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.