Jinoyat kodeksi 276-8-modda. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari hisoblanmaydigan alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki joʻnatish

Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari hisoblanmaydigan alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki joʻnatish, oʻsha harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha qilmishlar: a) koʻp miqdorda; b) takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari ushbu Kodeksning 270 — 276⁷-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan sodir etilgan boʻlsa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Agar ushbu moddada nazarda tutilgan harakatlarni sodir etgan shaxs oʻz ixtiyori bilan aybini boʻyniga olish toʻgʻrisida hokimiyat organlariga arz qilsa va giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari hisoblanmaydigan alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni topshirsa, jazodan ozod qilinadi.