Bezorilik, yaʼni jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urish-doʻpposlash, badanga yengil shikast yetkazish yoki oʻzganing mulkiga shikast yetkazish yoxud nobud qilish ancha zarar yetkazish bilan bogʻliq holda sodir etilsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Bezorilik: a) badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazib: b) bir guruh shaxslar tomonidan; v) sovuq qurol yoki kishining sogʻligʻi uchun amalda shikast yetkazishi mumkin boʻlgan narsalarni (qurol sifatida) namoyish qilib, ularni qoʻllash bilan qoʻrqitib yoxud qoʻllab; g) oʻz mazmuniga koʻra umum eʼtirof etgan axloq qoidalarini namoyishkorona mensimaslikda ifodalanuvchi oʻtaketgan behayolik bilan; d) yosh bola, qariya, nogironligi boʻlgan shaxs yoki ojiz ahvoldagi shaxslarni xoʻrlab; e) koʻp miqdorda zarar yetkazib, birovning mulkini nobud qilib yoki unga shikast yetkazib sodir etilgan boʻlsa, — uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bezorilik: a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; b) oʻqotar qurolni namoyish qilib, uni qoʻllash bilan qoʻrqitib yoki qoʻllab; v) ommaviy tadbirlar oʻtkazilayotgan vaqtda; g) jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini koʻrgan boshqa fuqarolarga qarshilik koʻrsatib sodir etilgan boʻlsa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.