Jinoyat kodeksi 278-6-modda. Zarar keltiruvchi dasturlarni yaratish, ishlatish yoki tarqatish

Kompyuter tizimida saqlanayotgan yoki uzatilayotgan axborotni ruxsatsiz yoʻq qilib yuborish, toʻsib qoʻyish, modifikatsiyalashtirish, undan nusxa koʻchirish yoki uni qoʻlga kiritish maqsadini koʻzlab kompyuter dasturlarini yaratish yoki mavjud dasturlarga oʻzgartirishlar kiritish, xuddi shuningdek maxsus virus dasturlarini ishlab chiqish, ulardan qasddan foydalanish yoki ularni qasddan tarqatish — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda; b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; v) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; g) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.