Oʻrnatilgan himoya tizimlarini chetlab oʻtgan holda telekommunikatsiya tarmogʻidan foydalanish va xalqaro trafikni oʻtkazish maqsadida telekommunikatsiya tarmogʻidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish, shuningdek mazkur maqsadlar uchun moʻljallangan maxsus dasturiy yoki apparat vositalarini qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) saqlash va ularning faoliyat koʻrsatishi uchun sharoitlar yaratish — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; b) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; v) xizmat mavqeyidan foydalanib; g) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.