Anonim kripto-aktivlar mayningi bilan shugʻullanish yoki belgilangan tartibni buzgan holda mayning faoliyatini amalga oshirish shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Yashirin mayningni amalga oshirish — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan harakatlar: a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; b) juda koʻp miqdorda; v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan harakatlar: a) xizmat mavqeyidan foydalangan holda; b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Tayyorgarlik koʻrilayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyat haqida oʻz ixtiyori bilan arz qilgan va uni ochishga faol yordam bergan shaxs javobgarlikka tortilmaydi.