Jinoyat kodeksi 44-modda. Jarima

Jarima aybdordan davlat daromadiga ushbu Kodeksda belgilangan miqdorda pul undirishdir. Jarima bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda belgilanadi. Agar hukm qilingan shaxs jazo tariqasida tayinlangan jarimani majburiy ijro etish uchun belgilangan muddatlarda toʻlashdan boʻyin tovlasa yoxud qarzdorda undiruv qaratilishi mumkin boʻlgan mol-mulk mavjud emasligi tufayli majburiy ijro etish uchun belgilangan muddatlar mobaynida jarimani undirishning imkoni boʻlmasa, xuddi shuningdek kechiktirish muddati tugaganidan keyin jarima toʻlanmagan yoki jarimani boʻlib-boʻlib toʻlash shartlari buzilgan taqdirda, sud jarimaning toʻlanmagan miqdorini majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, xizmat boʻyicha cheklash, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtiradi. Bunday holda majburiy jamoat ishlarining ikki yarim soati bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdoridagi jarimaga tenglashtirilib, toʻrt yuz sakson soatdan koʻp boʻlmagan muddatga, axloq tuzatish ishlarining, xizmat boʻyicha cheklashning, ozodlikni cheklashning yoki ozodlikdan mahrum qilishning har bir oyi bazaviy hisoblash miqdorining oʻn olti baravari miqdoridagi jarimaga tenglashtirilib, uch yildan koʻp boʻlmagan muddatga tayinlanadi.