Ozodlikdan mahrum etilgan, ozodligi cheklangan yoki axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslarga nisbatan sud jazoning oʻtalmagan qismini yengilroq jazo bilan almashtirishi mumkin. Jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan jazo turlari uchun oʻrnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda boʻlgan mahkumga nisbatan qoʻllanilishi mumkin. Jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish mahkum: a) ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyati uchun sud tayinlagan jazo muddatining kamida toʻrtdan bir qismini; b) ogʻir jinoyati uchun, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyati uchun, agar u ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan boʻlsa, sud tayinlagan jazo muddatining kamida yarmini; v) oʻta ogʻir jinoyati uchun, sud tayinlagan jazo muddatining kamida uchdan ikki qismini haqiqatda oʻtab boʻlganidan keyin qoʻllanilishi mumkin. Ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoning oʻtalmagan qismi axloq tuzatish ishlari bilan almashtirilganda axloq tuzatish ishlari ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash jazosining oʻtalmagan qismi muddatiga tayinlanadi. Jazoning oʻtalmagan qismini yengilrogʻi bilan almashtirish ushbu Kodeksning 73-moddasi toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi. Jazosi yengilroq jazo bilan almashtirilgan shaxslar yengilroq jazoning tegishli qismini oʻtab boʻlganlaridan keyin ushbu Kodeksning 73-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga binoan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishlari mumkin. Jazosi yengilroq jazo bilan almashtirilgan shaxs jazoning oʻtalmagan qismi mobaynida yangi jinoyat sodir etsa, sud unga ushbu Kodeksning 60-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq jazo tayinlaydi.