Jinoyat kodeksi 78-modda. Sudlanganlik holatining tugallanishi

Shaxsning sudlanganlik holati quyidagi paytlarda tugallanadi: a) shartli hukm qilinganlarga nisbatan — sinov muddati tugagan kundan boshlab; b) majburiy jamoat ishlari, xizmat boʻyicha cheklash yoki intizomiy qismga joʻnatish tarzidagi jazolarini oʻtab chiqqach; v) jarima jazosi ijro etilgan kundan keyin, shuningdek muayyan huquqdan mahrum qilish yoki axloq tuzatish ishlari jazolari oʻtalganidan keyin bir yil oʻtgach; g) ozodlikni cheklash jazosi oʻtalganidan keyin — ikki yil oʻtgach; d) besh yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi oʻtalganidan keyin — toʻrt yil oʻtgach; e) besh yildan ortiq, lekin oʻn yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi oʻtalganidan keyin — yetti yil oʻtgach; j) oʻn yildan ortiq, lekin oʻn besh yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi oʻtalganidan keyin — oʻn yil oʻtgach.