Majburiy jamoat ishlari faqat mehnatga layoqatli voyaga yetmaganlarga nisbatan oltmish soatdan ikki yuz qirq soatgacha boʻlgan muddatga tayinlanadi. Majburiy jamoat ishlari voyaga yetmaganlarning sogʻligʻiga va maʼnaviy jihatdan rivojlanishiga zarar yetkazmasligi, oʻqish jarayonini buzmasligi lozim. Oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxslar tomonidan majburiy jamoat ishlarini bajarish muddati, agar qonunda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, olti oy davomida kuniga ikki soatdan oshmasligi, mahkumga bogʻliq boʻlmagan holatlar yuzaga kelgan taqdirda esa, bir yilgacha boʻlgan muhlatda kuniga ikki soatdan oshmasligi kerak. Mahkum jazoni oʻtashdan boʻyin tovlagan taqdirda, sud majburiy jamoat ishlarining oʻtalmagan muddatini majburiy jamoat ishlarining toʻrt soatini ozodlikni cheklashning yoki ozodlikdan mahrum qilishning bir kuniga tenglashtirgan holda hisoblab, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtiradi. Jazoni oʻtashdan boʻyin tovlanilgan vaqt jazoning oʻtalgan muddatiga qoʻshib hisoblanmaydi.