Gumon qilinuvchini, shuningdek ayblanuvchini birinchi marta soʻroq qilishdan bevosita oldin surishtiruvchi, tergovchi ushbu Kodeksning 98 — 100-moddalarida nazarda tutilgan harakatlarni bajarishi shart. Shundan soʻng surishtiruvchi, tergovchi: 1) gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga uning ushbu Kodeksning 46 va 48-moddalarida nazarda tutilgan protsessual huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi; 2) gumon qilinuvchi, ayblanuvchi shartnoma tuzgan himoyachining yoxud, agar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi shartnoma tuzishga ulgurmagan yoki tuza olmagan boʻlsa, boshqa himoyachining soʻroqda ishtirok etishini taʼminlaydi; 3) gumon qilinuvchiga uning qanday jinoyat sodir etishda gumon qilinayotganligini eʼlon qiladi; 4) gumon qilinuvchiga ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinganligi toʻgʻrisidagi qarorni taqdim qiladi va ayblovning mohiyatini tushuntiradi. Surishtiruvchi, tergovchi ayblanuvchini birinchi marta soʻroq qilishdan oldin u oʻzini aybli hisoblashi-hisoblamasligini yoki oʻz aybini toʻla yoxud qisman rad etishi yoki etmasligini aniqlashi shart. Surishtiruvchi, tergovchi ushbu moddada sanab oʻtilgan harakatlarning bajarilishini gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining soʻroq bayonnomasida, sud esa sud majlisi bayonnomasida qayd qiladi.