Jinoyat-protsessual kodeksi 128-modda. Koʻchar narsalarni tanib olish uchun koʻrsatish tartibi

Tergov olib borilayotgan joyga, sudga yoki boshqa joyga olib borilishi mumkin boʻlgan narsalar, narsalarning boʻlagi va hayvonlar ushbu ishga aloqasi boʻlmagan boshqa turdosh narsalar orasida tanib olish uchun koʻrsatiladi. Tanib oluvchi soʻroq qilinganda tasvirlaganidan tashqi belgilari, alomatlari, xususiyatlari boʻyicha jiddiy farq qilmaydigan narsalar turdosh deb hisoblanadi. Tanib olish uchun koʻrsatilayotgan narsalarni joylashtirish tartibi surishtiruvchi, tergovchi tomonidan xolislar huzurida belgilanadi. Turdosh obyektlar orasidan tanib olish toʻgʻrisidagi qoida murdani tanib olishda qoʻllanilmaydi.