Jinoyat-protsessual kodeksi 13-modda. Jinoyat ishlarini hayʼatda va yakka tartibda koʻrib chiqish

Jinoyat ishlari hayʼatda koʻriladi, Jinoyat kodeksi 15-moddasining ikkinchi — toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlar esa, sudya tomonidan yakka tartibda koʻriladi. Agar sudya tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqilayotgan jinoyat ishi boʻyicha sud muhokamasi vaqtida Jinoyat kodeksi 15-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatlar sodir etilganligini koʻrsatuvchi holatlar aniqlansa, ishning koʻrilishi uni yakka tartibda koʻrib chiqishni boshlagan sudya tomonidan davom ettiriladi. Ish birinchi instansiya sudi tomonidan hayʼatda koʻrilganda sud tarkibiga sudya va ikki nafar xalq maslahatchisi kiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi ishlarni uch nafar sudyadan iborat tarkibda koʻrib chiqadi. Odil sudlovni amalga oshirishda xalq maslahatchilari sudyaning barcha huquqlaridan foydalanadilar. Ular sud majlisida ishni koʻrish jarayonida kelib chiqadigan hamma masalalarni hal qilishda va hukm chiqarishda raislik qiluvchi bilan teng huquqqa egadirlar. Tegishli sud hayʼatlarida apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida ishlarni koʻrish uch nafar sudyadan iborat tarkibda amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining hukmlari ustidan apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish tartibida berilgan shikoyatlar (protestlar) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida besh nafar sudyadan iborat tarkibda koʻrib chiqiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida — Rayosat aʼzolarining koʻpchiligi hozir boʻlgan taqdirda koʻriladi.