Sudya murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqib, murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisida yoki murdani eksgumatsiya qilishni rad etish haqida ajrim chiqaradi. Sudyaning murdani eksgumatsiya qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimi asoslantirilgan boʻlishi kerak. Sudyaning murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi ajrimi oʻqib eshittirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi. Sudyaning ajrimi prokurorga ijro uchun, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, himoyachiga esa maʼlumot uchun yuboriladi. Sudyaning murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi yoki murdani eksgumatsiya qilishni rad etish haqidagi ajrimi ustidan u chiqarilgan kundan eʼtiboran yetmish ikki soat ichida apellyatsiya tartibida shikoyat berilishi, protest bildirilishi mumkin. Apellyatsiya shikoyati, protesti ajrimni chiqargan sud orqali beriladi, mazkur sud yigirma toʻrt soat ichida ularni materiallar bilan birga apellyatsiya instansiyasi sudiga yuborishi shart. Apellyatsiya instansiyasi sudining sudyasi ushbu materiallarni shikoyat yoki protest bilan birga kelib tushgan paytdan eʼtiboran yetmish ikki soatdan kechiktirmay yakka tartibda koʻrib chiqishi kerak. Apellyatsiya shikoyati yoki protesti berilishi sudning murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi ajrimi ijrosini toʻxtatib turadi. Apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya shikoyatini, protestini koʻrib chiqib, oʻz ajrimi bilan: sudyaning ajrimini oʻzgarishsiz, shikoyatni yoki protestni esa qanoatlantirmay qoldirishga; sudyaning ajrimini bekor qilishga va murdani eksgumatsiya qilishga ruxsat berishga yoki murdani eksgumatsiya qilishni rad etishga haqli. Murdani eksgumatsiya qilish rad etilgan taqdirda, aynan oʻsha murdaga nisbatan mazkur masala boʻyicha takroran sudga murojaat qilishga murdani eksgumatsiya qilishni taqozo etadigan yangi holatlar yuzaga kelganda yoʻl qoʻyiladi.